Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari ishtirokida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Ushbu sana yurtimizda ajdodlar xotirasini yod etish, ularning jasorati va fidoyiligini qadrlash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot-resurs markazi xodimlari Andijon shahrida joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyiga tashrif buyurishdi. Ushbu haykal Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan farzandlarini kutgan, ammo ularning qaytishini ko‘ra olmagan onalar timsoli sifatida chuqur ma’no kasb etadi. Xodimlar haykal poyiga gullar qo‘yib, urush qurbonlari xotirasini yod etdilar hamda ularning jasorati oldida bosh egdilar.